Quyosh botib ketdi. Tug‘ilmoqda tun,
Hali o‘pilmagan — ma’sum, bokira.
Ko‘chada yuribman men nima uchun?
Men, axir, o‘lganman, men bir xotira!
Menga nima kerak zaminda? Axir,
Menga nima kerak tashvishli olam!
Meni sudrab borar musiqa — g‘ovur,
Meni quchog‘iga olar restoran.
O‘lgan odamlarga senmisan tirak,
Yaqin kel, ulfatim, oqbadan shisha.
Meni tashlab ketdi o‘tmish, kelajak,
Mendan ayro tushdi vijdon, andisha.
Ko‘m-ko‘k tutun ichra suzib yurar zal,
Oyning yog‘dusiday kuy oqar hazin.
…Xuddi xayol kabi sollanib go‘zal,
Raqs maydonida uchib yurgan kim?
Nogoh paydo bo‘lar ko‘ksimda yurak!
Tanimdan ko‘rinmas kafanni yulib,
U qizdan bir qatra hayotmi so‘rab,
Uning qarshisiga boraman yurib…
— Kechiring, yuzimga tikilib boqmang,
Men asli o‘lganman, ko‘zlarim chirik…
Qiz raqsga tushadi, kuladi sho‘x—sha’n:
— Ko‘rib turibman-ku, siz tirik…Tirik!
Qo‘llarim qanotga aylanar go‘yo,
Samoda to‘zg‘iydi biz qoldirgan iz.
Panohim, uchyapmiz yulduzlar aro,
Yulduzlar ichida eng go‘zali — siz!
Menga hadya etib jonimni takror,
Qiz jo‘nar uyiga — quvonchdan yashnab…
Men ko‘cha kezaman. Yog‘a boshaman qalbimda bahor,
Sekin shivirlayman: "Keldim. Men tirik!…"